Mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, bo’lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, shuningdek, kompaniya faoliyati to’grisidagi axborot bilan ta’minlash orqali boshqarishda aksiyadorlarni va investorlarni rolini kuchaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Korporativ axborot yagona portali ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Ushbu portal Qimmatli qog’ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi veb-sayti negizida, Kompyuter vа аxborot texnologiyalаrini rivojlаntirish hаmdа joriy etish mаrkаzi (“UZINFOCOM” DUK) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida yaratildi. Portalda xalqaro normalarni hisobga olgan holda quyidagilar oshkor etiladi:
moliyaviy hisobotlar va auditor xulosasi;
aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatidagi muhim faktlar haqida axborot;
bo’lajak investorlar uchun emissiya risolasi, aksiyalarni joylashtirish haqida ma’lumot, aksiyadorlik kapitali hajmi va boshqa axborotlar;
korporativ boshqaruv va qimmatli qog’ozlar bozori bo’yicha normativ-huquqiy bazadagi o’zgarishlar.
O’zbekiston Respublikasi "Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida" gi Qonunining 44-moddasiga muvofiq qimmatli qog'ozlar emitenti tomonidan Markazning rasmiy veb-saytida quyidagilarni oshkor qilishi shart:
emissiya risolasi va unda ko’rsatilgan axborotni qimmatli qog'ozlarni joylashtirish boshlanishiga kamida 2 hafta qolganida, bundan qimmatli qog'ozlarni xususiy (yopiq) joylashtirish mustasno;
emitentning yillik hisobotini aksiyadorlarning yoki emitentning boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yig’ilishi o’tkazilganidan keyin2 hafta ichida;
emitentning I chorak, I yarim yil va 9 oy yakunlariga doir hisobotni hisobot oyidan keyingi 1 oy ichida;
emitent faoliyatidagi muhim fakt haqidagi xabarni u yuz bergan sanadan e’tiboran 2 ish kuni ichida.
Korporativ axborot yagona portalini yaratish O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.04.2015 yildagi PF-4720-son “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturining 35-bandida ko’rsatilgan.
Portal www.openinfo.uz manzili bo’yicha joylashgan bo’lib, unda axborot aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa qimmatli qog’ozlar emitentlari tomonidan elektron raqamli imzo orqali oshkor etiladi.
Ma’lumotlar tezkor, uch tilda va qulay formatda bo’lishi uchun Portal doimiy mukammallashtirilib boriladi.
Qimmatli qog’ozlar bozorida axborotni taqdim etish va e’lon qilish tartibi Qimmatli qog’ozlar bozorida axborot taqdim etish va e’lon qilish qoidalarida belgilangan (ro’y. № 2383 31.07.2012 yil)
2015 yilning 1 iyulidan “Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruvining 25.06.2015 yildagi 38-sonli qarori bilan Qimmatli qog`ozlarning birja savodalari qoidalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
O`zgartirish va qo`shimchalar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.04.2015 yildagi PF-4720-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar dasturining 32 va 33 - bandlariga, shuningdek O`zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog`ozlar bozori to`g`risida”gi yangi tahrirdagi (03.06.2015 yildagi O`RQ-387-sonli) Qonuniga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqildi.RSE
Hususan, Qoidalarning 8-bandiga kiritilgan o`zgartirishga muvofiq investitsiya fondi nomidan, hisobidan va manfaatidan kelib chiqib birja bitimlarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega investitsion fondning ishonchli boshqaruvchisi birja a’zolari tarkibiga kirish uchun a’riza berishga haqli.
Qoidalarning yangi tahrirdagi 34-bandiga ko’ra, Birja a’zolari broker sifatida mijozning ko`rsatmasi bilan birja bitimlarini brokerlik va depozitariy hizmatlarini uzaytirish imkoniyati ko’zda tutilgan bir yillik shartnoma asosida amalga oshirishi belgilandi (topshiriq va komissiya shartnomalari o`rniga).
“Qimmatli qog`ozlar bozori to`g`risida” yangi tahiridagi Qonunga muvofiq Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysida hisobga olingan va saqlanayotgan qimmatli qog'ozlar bilan birja bitimlari topshiriq shartnomasi yoki komissiya shartnomasi asosida amalga oshiriladi, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa.
Qoidalar quyidagi mazmunda 198-1 va 198-2 chi bandlar bandlar bilan to`ldirildi:
«Uzluksiz ikki tomonlama auksion» texnologiyasi bo’yicha ishlaydigan sektsiyalarida («blok treyding» va «repo» sektsiyalari bundan mustasno) Birja a’zolari treyderlari tomonidan qimmatli qog’ozlarni oldi-sotdisi bo’yicha buyurtma berish faqat standart lotlarda amalga oshiriladi. Buning uchun Birja a’zosi treyderi savdo tizimi menyusining «Buyurtma» qismida «normal» turdagi buyurtmani tanlaydi (standart lot ko’rinishidagi buyirtmada bitta lotda qimmatli qog’ozlar soni 1 (bir) donani tashkil qiladi). Sotuvchi chiqarilgan qimmatli qog’ozlar miqdorining (buyurtma berilgan sanadagi qimmatli qog’ozlar chiqariluvi hajmi) kami 1%ni tashkil qiluvchi qimmatli qog’ozlar paketini bir nostandart lot bilan sotuvga qo’ymoqchi bo’lsa, ushbu qimmatli qog’ozlar «blok treyding» sektsiyasida sotuvga qo’yiladi.
Qoidalarning yangi tahrirdagi 48-bobidagi («Listing kompaniyalari aksiyalari muamalasi sektsiyasida savdolarni tashkillashtirish») 496-bandi va 49-bobidagi («Korporativ va infratuzilma obligatsiyalari joylashtiriluvi va muamalasi sektsiyasida savdolarni tashkillashtirish») 554-bandidan kelib chiqib, Birja a’zosi treyderi buyurtma berayotganda unda standart lot bilan rasmiylashtirilgan qimmatli qozolar sonini ko'rsatishi mumkin (ishchi terminali menyusida talabnoma turi «normal»).
Shuningdek, Qoidalarning 1021-bandidagi qo’shimchaga asosan alohida hisob kitob shartlari mavjud korporativ qimmatli qog’ozlar realizatsiyasi bo’yicha sektsiyada birja bitimlari yuzasidan to’liq to’lov quyidagicha amalga oshiriladi:
a) Korporativ qimmatli qog’ozlarni chet el valyutasida realizatsiya qilish bo’yicha savdo maydonchasida - bitim tuzilgan kuni (hisob kitob kodi T+0)
b) korporativ qimmatli qog’ozlarni realizatsiya qilish bo’yicha jismoniy shaxslar uchun savdo maydonchasi - besh bank kuni (hisob kitob kodi T+5).
Bundan tashqari, Qoidlarning 1087-bandiga kiritilgan o`zgartirishlarga asosan endilikda birja bitimlarini tuzishda insayder ma’lumotidan foydalanish taqiqlanadi.
«Toshkent» Respublika fond birjasi Qoidalariga kiritilgan o’zgartish va qo’shimchalarning to’liq matni bilan birjaning veb-saytida tanishishingiz mumkin.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Respublikasi «Qimmatli qog’ozlar bozori to’g’risida»gi Qonuning 21- moddasiga ko’ra qimmatli qog’ozlar savdosining tashkilotchilari rioya etilishi majburiy bo’lgan qimmatli qog’ozlar savdosini tashkil qilish qoidalarini tasdiqlaydilar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 21.12.2015 yilda PQ-2454-son ”Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb qilish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” qarori imzolanib, unga ko'ra aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalida xorijiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo’lmasligi lozim.
Qarorning maqsadi AJlarga xorijiy investor va menejerlarni keng jalb etish, ular korporativ boshqaruvda, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashda, sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish hamda uni tashqi bozorlarga olib chiqishda faol ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratish, shuningdek AJlarning ustav kapitallarida davlatning ulushini qisqartirish hisobidan iqtisodiyotda davlatning ishtirokini tubdan kamaytirishdir.
Ushbu Qarorda ustav kapitalida xorojiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo’lgan avval tashkil etilgan AJlar 01.07.2016 yilgacha xorijiy investor ulushini belgilangan miqdorda shakillantirishi shartligi qayd etildi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan strategik mahsulotlar ishlab chiqarish va birlamchi qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan AJlar, shuningdek tabiiy monopoliya sub’ektlari va narhi boshqariladigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlarni etkazib beruvchi AJlar bundan mustasno.
01.07.2016 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, AJlar ustav kapitalidagi xorijiy investorning ulushi 15 foizdan kam bo’lmagan taqdirdagina tashkil qilinishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan:
01.01.2020 yilgacha xorijiy investorlar aksiyalardan dividend tarzida olayotgan daromadi bo’yicha soliq to’lashdan;
xorijiy investitsiyasi mavjud AJlar da’vo arizasi bilan sudga murojaat etganda davlat bojini to’lashdan ozod qilindi, keyinchalik davlat boji aybdor deb topilgan tomondan undirib olinishi belgilandi.
Shuningdek, xorijiy investorning ulushi ustav kapitalining 15 foizidan 33 foizgacha miqdorni tashkil etadigan AJlarga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.04.2005 yildagi PF-3594- sonli farmonidagi foyda, mulk, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlari, yagona soliq to’lovi, shuningdek Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar to’lash bo’yicha berilgan imtiyozlar tatbiq etildi.
Bundan tashqari, mazkur Qaror bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.04.2015 yildagi PQ-2340- sonli qarori 6-bandiga quyidagi qo’shimchalar kiritildi:
Qarorning 2-ilovasiga kiritilgan 15 foizdan kamroq xorijiy kapital ishtirokidagi AJlarning aksiya paketlari faqat xorijiy investorlarga sotiladi;
davlat va ho’jalik boshqaruvi organlarining ulushi bo’lgan tijorat tashkilotlari faqat AJ yoki MChJ shaklida tashkil etiladi.
Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Presidentining 27.09.2006 yildagi PQ-475-sonli qarori 3-bandidagi 4 xatboshi yangi tahrirda bayon etildi va unga ko'ra aktivlarining balans qiymati 1 mlrd. so’mdan ko’p bo’lgan korxonalarda, AJlarda esa aktivlarining balans qiymati eng kam ish haqi miqdorining 100 ming baravaridan ko’proq bo’lganda ichki audit xizmatlari tashkil etiladi, va ular kuzatuv kengashi tomonidan tayinlanadi va unga hisobot beradi.